Algoritmlar va Ma'lumotlar tuzilmasini o'rganish uchun 7 sabab

Algoritmlashni o'rganish nima uchun kerak?

Har xil murakkab algoritmlarni o'rganish Developer uchun kerakmi degan savol ko'pchilik yangi dasturchilarni o'ylantirsa kerak. Biz o'z Algoritmlar va Ma'lumotlar tuzilmalari online darslarimizni boshlashdan oldin istalgan dasturchi algoritmlar va ma'lumotlar tuzilmalarini o'rganish va dasturlash olimpiadalariga qatnashishdan ko'radigan 7 ta foydasini keltirib o'tmoqchiman. 

1. Algoritmlar va Ma'lumotlar tuzilmalari - bu dasturlash asosi.

Dasturlashga endi kirib keldingiz va sizni "10 yildan keyin qaysi dasturlash tili eng topda bo'ladi?", "Agar falon dasturlash tilini o'rgansam keyin ish topa olamanmi?", "Hozir mana bu dasturlash tilini o'rganishni ko'pchilik maslahat beryapti ekan" kabi o'y va savollar qiynayotgan va dasturlashni o'rganishni nimadan boshlashni bilmayotgan bo'lsangiz, vaqt yo'qotmang istalgan dasturlash tilini tanlangda ishni algoritmlar va ma'lumotlar tuzilmalarini o'rganishdan boshlang. 

Dasturlash bu 80% o'ylashdan va 20% kod yozishdan iborat va eslab qoling har qanday dasturlash tili bu shunchaki vosita. Eng muhimi bu siz, uni ishlatayotgan dasturchi. Agar siz o'zingizga mustahkam poydevor quya olsangiz, uning ustiga istalgan ko'rinishdagi va balandlikdagi binoni qura olasiz. Dasturlashda ham huddi shunday agar siz biror dasturlash tilida dasturlash asosini chuqur tushuna olsangiz boshqa tilni bir necha hafta, balki kunlarda o'rganish sizga qiyinchilik tug'dirmaydi. Menimcha, aynan algoritmlar va ma'lumotlar tuzilmalari - bu dasturlashning asosi.

2. Algoritmik masalalar mantiqiy fikrlashni oshiradi.

Ba'zi dasturlash masalalari ko'rinishidan juda oddiy tuyuladi, lekin ularni yechish amalda juda qiyin bo'lib chiqishi mumkin. Bunday masalarni ishlash orqali, siz o'zingizda muammoga noodatiy va optimal yechim topish ko'nikmasini shakllantirasiz. Bundan tashqari siz koddagi mantiqiy xatoni oson topishni o'rganasiz. Bu narsa dasturlashda Debugging deb ataladi. Bu narsa kelajakda nafaqat o'zingiz yozgan kodni, balki boshqalar yozgan kodlarni ham o'qib tushuna olishda va undagi kamchilik va xatolarni topishda katta yordam beradi.

3. Frameworklar asosini tushuna olish

Albatta, haqiqiy loyihalar ustida ishlayotgan paytda hamma narsa noldan yozib chiqilmaydi. Chunki bu ortiqcha xarajat va vaqt sarflash bo'ladi. Buning ustiga siz yozgan kodning ishonchliligi va to'g'riligi yetarlicha sinovdan o'tmagan bo'ladi. Shuning uchun bunday loyihalarda, odatda, tayyor frameworklar va kutubxonalardan foydalaniladi. Lekin, ular ichi qanday tuzilganini his qila olish ham muhim, chunki kelajakda siz ham shunday tayyor komponentalar yaratishda ishtirok etishingiz mumkin, bunda siz yozadigan metod, kutubxona yoki frameworklar talabga javob berishi juda muhim.

4. Noodatiy masalalar yechimini topa olish

Yuqorida aytib o'tilgan frameworklar borligi yaxshi albatta, ammo shunday paytlar bo'lishi mumkinki siz duch kelgan muammo yoki masalaga tayyor yechim bo'lmasligi mumkin. Bunda barchasini o'zingiz noldan qilib chiqishga majbur bo'lasiz. Shu joyda sizning algoritmlar va ma'lumotlar tuzilmalari haqidagi bilimlaringiz juda ham asqotadi.

http://www.lasserouhiainen.com

5. Algoritmlar - dasturlash kelajagi.

Menimcha hozirda Sun'iy Intellekt (Artificial Intelligence) haqida eshitmagan odam juda kam, ayniqsa dasturchilar orasida. Agar siz ham bu sohaga qiziqib qolgan yoki kelajakda Sun'iy intellektning biror yo'nalishida ish qilmoqchi bo'lsangiz, demak siz shubhasiz to'g'ri yo'ldasiz. Sun'iy intellekt va Machine Learning - bu dasturlash kelajagi. Hozirda eng yirik IT kompaniyalari bo'lgan Google, Facebook, Amazon, Yandex o'z e'tiborini shu sohaga qaratgan va uning rivoji uchun milliardlab dollar pul sarflashmoqda.

Lekin, tabiiyki bu sohalarga kirib borish va ularni tushunish oson bo'lmaydi. Chunki Sun'iy intellekt murakkab algoritmlar ustiga qurilgan. Shunday ekan, avval oson algoritmlarni tushunmasdan turib, bunday murakkab sohalarga o'tish mantiqsizlik bo'ladi menimcha.

6. Dasturlash olimpiadalari - bu manfaatli hobby.

Dasturlash olimpiadalariga qatnashib turish vaqti kelib moddiy tomondan yaxshigina manfaatli hobbyga aylanishi mumkin. Bor yog'i 4-5 soat davom etadigan contestlarda o'zingizni ko'rsatib, yaxshigina pul ishlab olishingiz mumkin. Masalan, yaqinda o'tkazilgan TUIT Open musobaqasi 3 kishidan iborat g'olib jamoasi 9 000 000 so'm (!) yutuqqa ega bo'lishdi. 6 soatda 1 ta odamga 3 mln so'm, yomon emas to'g'rimi. Yana bir misol, shu yil 18-oktabrda o'tkazilgan Codeforces dagi MailRu olimpiadasi birinchi o'rin sohibi yangi MacBook egasiga aylandi. Albatta, buning uchun yaxshigina mehnat qilish talab qilinadi.

Hamma narsaga ham ortiqcha berilib ketish yaramaydi. Shuning uchun bunday musobaqalarni qiziqarli hobbyingizga aylantiring

ACMP final bosqichi g'olib talabalari (ITMO Universiteti)

7. Dunyo ko'rish va yangi do'stlar orttirish.

Dunyo kezish juda ham yoqimli, yana bu o'zingizning hisobingizdan bo'lmasa. Dasturlash bo'yicha musobaqa finallari turli xil rivojlangan davlatlarda o'tkaziladi. Agar siz o'z universitetingiz yoki litseyingizdan final bosqichlariga o'ta olsangiz, sizda chet davlatlarini ko'rib kelish uchun ajoyib imkoniyat paydo bo'ladi. Ko'p hollarda sizning xarajatlaringiz universitetingiz yoki mezbon tarafdan qoplanadi. Qo'shimchasiga ko'plab do'stlar va tanishlar orttirasiz va bular barining kelajakda, albatta, foydasi tegadi.  

Umid qilamizki, endi sizda biz bilan Algoritmlar va Ma'lumotlar dunyosiga bo'ladigan uzun, qiyin lekin qiziq sayohatimiga hamroh bo'lishda yetarlicha motivatsiya paydo bo'ldi. Demak, boshladik.

Ha, aytgancha!
"Eng yaxshi reklama - bu mamnun mijoz tomonidan qilingan reklama" - Philip Kotler
Maqola manzur kelgan bo'lsa, uni do'stlaringizga ham tarqating.